Elchi Krol (chapda) AQSH Mustaqillik kuniga bag’ishlangan marosimda nutq so’zlamoqla (AQSH elchixonasi surati) |
Hurmatly mehmonlar, aziz do’stlar va hamkasblar!
Avvalambor, bugun Amerika Qo’shma Shtatlari Mustaqillik Deklaratsiyasining ikki yuz o’ttiz yetti yilligini biz bilan birgalikda nishonlash maqsadida kelganingiz uchun barchangizga o’z minnatdorligimni bildirishga ijozat etgaysiz.
Ushbu voqea ko’p yillar oldin ro’y bergan bo’lsa-da, shu kungacha Amerika Mustaqillik Deklaratsiyasidagi so’zlar va his-tuyg’ular nafaqat amerikaliklar, balki dunyodagi aksariyat xalqlar nazdida ham chuqur mazmunga egadir.
Mustaqillik Deklaratsiyasini imzolaganlar ushbu harakati bilan o’z zimmasiga jiddiy mas’uliyat olganlar. Haqiqatdan ham, ular Amerikadagi mustamlaka hududlarida istiqomat qilgan barcha insonlarning vakili deb tayinlanmagan, vaholanki xaloyiqning ko’pchiligi mustaqillikni qo’llab-quvvatlamagan ham.
Mustaqillik masalasida ular o’zaro uzoq, qiyin, qizg’in, ba’zida janjalgacha borgan munozarada bo’lishgan.
Lekin, oqibatda, ularga kuch bergan va hozirgacha barcha amerikaliklarni harakatga undab kelayotgan g’oya – ozodlikni sevish hamda unga erishish uchun o’z hayoti va farovonligini ayamasdan fido bo’lishga tayyorlikdir.
Mustaqillik e’lon qilingach, unga haqiqiy erishish uchun ko’p yillar sarflandi va ko’plab hayotlar qurbon bo’ldi. Ba’zan mustaqillik uchun kurash mag’lubiyatga yuz tutadigandek tuyulgandi.
Biroq, yana bir bor, oxir-oqibatda Fransiya ittifoqchiligi yordami bilan ozodlikni sevish tuyg’usi va unga erishish uchun fidoyilikka tayyorlik ustun keldi.
Mustaqillikka erishilgandan so’ng ham, amerikaliklar fuqarolik urushi va fuqarolik harakatlari orqali ozodlik uchun kurashishni davom etdilar.
Amerikaliklar ikki yuz o’ttiz yetti yil avval ilk ifoda etilgani kabi “barcha insonlar teng yaratilgan, Yaratuvchi tomonidan muayyan daxlsiz huquqlar bilan taqdirlangan, jumladan bular orasida yashash, ozod bo’lish va baxt-saodat sari intilish huquqlari bor” degan yuksak ideallarga munosib yashashga harakat qilar ekan, ushbu kurash hozirgacha ham davom etmoqda.
Biz amerikaliklar Mustaqillik kunimizda madh qiladigan bu yuksak orzularimiz faqatgina amerikaliklarga xos emas. Ular bizga jahondan, dunyo xalqlari tarixidan kelgan bo’lib, umumbashariy ahamiyatga egadir.
O’zbekiston xalqi ham ushbu yuksak orzularni biz bilan birgalikda baham ko’radi, chunki bu ideallar nafaqat Amerika ideallari, balki o’zbek xalqining ajdodlaridan qolgan merosdir.
Biz, Amerika Qo’shma Shtatlari hamda O’zbekiston Respublikasi xalqlari, ozodlik hamda mustaqillikni bir xil sevamiz.
Bu xislat bizni nafaqat davlatlar, balki xalqlar sifatida hamkor kabi birlashtiradi.
U bizning munosabatlarimizni bardavom qilib, hamkorligimizni yanada faollashtiradi.
Biz mushtarak ideallar bilan birgalikda, umumiy manfaatlarga ham egamizki, ular ayniqsa mamlakatlarimizda, shu mintaqada va butun dunyoda tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va farovonlikka erishish va ularni mustahkamlashda o’z aksini topadi.
Mustaqil mamlakatlarimiz o’rtasidagi yigirma yildan ortiq davom etib kelayotgan muloqot oqibatida biz o’zaro siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlikka oid manfaatlarimizni olg’a surishda katta yutuqlarga erishdik . Shu bilan birga o’zaro anglashuv hamda hurmat asosida xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinroq qila oldik.
Albatta, munosabatlarimiz zamiridagi ulkan imkoniyatlarni amalga oshirish uchun bajarishimiz kerak bo’lgan ishlar talaygina.
Izchil va barqaror o’zaro muloqot hamda yaxshi niyat orqali bizning munosabatlarimiz yanada takomillashadi va chuqurlashib, kengayib boradi.
Lekin, buni amalga oshirish uchun, ikki yuz o’ttiz yetti yil avval mustaqillikka erishish yo'lida ajdodlarimiz namoyon etgan shunday metin iroda va e’tiqod bizga zarur bo’ladi.
Aziz do’stlar va hamkasblar!
So’zimning yakunida shuni aytmoqchimanki, bugun biz nafaqat Amerikaning ozodligi va mustaqilligini, balki barcha xalqlar, shu jumladan O’zbekiston xalqining ham ozodligi va mustaqilligini nishonlamoqdamiz.
Shu ma’noda , kelinglar, nafaqat mening mamlakatim bo’lmish Amerika Qo’shma Shtatlarini, balki bugun shu yerga yig’ilganlarning hammasini, mushtarak va shonli ozodlik g’oyasi yo’lida olg’a intilib borib, o’z mehnatini ayamayotgan barcha insonlarni olqishlaylik.
Ozodlik uchun!
E’tiboringiz uchun katta rahmat!
Barchangizga xayrli oqshom tilayman. Vaqtingiz maroqli o’tsin!
Manba: http://uzbek.uzbekistan.usembassy.gov/sp070213_uz.html
Комментариев нет:
Отправить комментарий