2013-yil O’zbekiston hayotida hukmron rejimga darz ketishi,
Islom Karimov oilasidagi inqiroz, korrupsiyaga doir fosh etishlar bilan
yodda qoladi. Yil yakunlarini sarhisob qilayotgan faollar so’zlariga
ko’ra, Karimovlar oilasi mojarosi yangi yilda katta silkinishlarni
boshlab berishi mumkin.
O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov so'zlariga ko’ra:
“Prezident oilasidagi korrupsiyaga doir masala yilning eng muhim voqeasi
bo’lib turibdi. Bundan tashqari, 2013-yildagi majburiy mehnat masalasi,
kattalarni, bollarni ommaviy ishlatish ham ijtimoiy hayotdagi sezilarli
voqealardan bo’lib qoldi. Albatta, huquq himoyachisi sifatida bu yil
inson huquqlari masalasida biror o’zgarishlar bo’ladi deb kutgan edik.
Afsuski, qiynoqlar, dindorlarni qamash davom etdi, hatto ko’payib ham
borayapti. 2013-yilda ham 2012-yildagi kabi juda ko’p yopiq mahkamalar
o’tdi. Korrupsiya, poraxo’rlik rivojlandi. Kelasi yilda, ehtimol, inson
huquqlari masalasida biror o’zgarishlar bo’lar deb kutayapmiz”.
Surat Ikromovning aytishicha, prezident oilasidagi mojaroning 2014-yilga
ko’chib o’tayotgani mamlakat jiddiy o’zgarishlar arafasida turganidan
darak beradi.
“Karimov oilasiga doir korrupsiyaning fosh bo’lishi, albatta, juda muhim
voqea. Bu rejimda darz ketish boshlanganidan darak beradi. Meni
fikrimcha, bu O’zbekistonda diktatura tugatilishining boshlanishi.
Nazarimda, 2014-yilning o’zida ko’p narsalar hal bo’ladi. Masalan,
prezident o’z xohishiga ko’ra ishdan ketishi mumkin yoki uning o’rniga
vaqtincha boshqa odam tayinlanishi ham mumkin. Chunki bu voqea butun
dunyo diqqatiga tushdi, O’zbekistonning o’zida ham odamlar ko’chalarda,
bozorlarda bu haqda tinmasdan gapirishayapti, bu oshkoralik mutlaqo
ovoza bo’lib ketgan. Shuning uchun ham men bu voqealar rejimning
tugatilishiga yo’l ochib berdi deb hisoblayman”, - deydi Ikromov.
Inson huquqlari faoli Dilorom Ishoqova so'zlariga ko’ra ham 2013-yil
prezident oilasidagi korrupsiyaning keng jamoatchilikka fosh etilishi
bilan ahamiyatli. Ammo Gulnora Karimova bilan bog’liq mojaro hukumat
tomonidan rejalangan o’yin degan shubhalar ham kuchli.
“Men bu yil O’zbekistonda juda muhim bir voqea yuz berdi deb
hisoblamayman. Ammo 2013-yil so’nggi oylaridagi hodisa, ya'ni Gulnora
Karimova ishtirokidagi voqealar bilan yodda qoldi. Bugun ham
jamoatchilik diqqatida turgan bu hodisani joriy yilning asosiy voqeasi
deb hisoblash mumkin. Ammo bu o’zbekistonliklar hayotida muhim bir
o’zgarish yasagani yo'q. Buning ko’pchilik uchun ibratli tomoni esa,
kalava qanchalik uzun bo’lmasin, uning uchi borligi haqidagi haqiqatdir.
Bu voqeaga turlicha munosabat mavjud. Kimdir Gulnora shu darajada
haddidan oshdiki, otasi uning nomi bilan bulg’anib qolmaslik uchun undan
masofalanishga majbur bo’ldi, deydi. Bu haqdagi shov-shuv shunchalik
ko’pki, hatto avvallari qo’rqadigan odamlar ham bugun shu haqda
o’qishayapti, gapirishayapti. Ammo boshqa qarashlarga ko’ra, davlat
Gulnoraga qarshi jiddiy bir narsa qilmoqchi emas, balki yaqinlariga
jinoyat ishi qo’zg’atish bilan, Gulnoraga tegishli xorijda qolib ketgan
mablag’ni qaytarib olish uchun shu yo’lni o’ylab topgan. Nima
bo’lishidan qat’iy nazar bu juda katta ibrat”, - deydi Ishoqova.
U 2014-yil haqida shunday mulohaza yuritadi:
“Yosh o’tgan sayin O’zbekistonda qandaydir o’zgarishlar bo’lishiga
ishonch susayib bormoqda, o’zgarishlarni kutmay ham qo’ydim. Shu
ma’noda, 2013-yil ham boshqalaridan farq qilmadi. Faqat mening yodimda
qolgan voqealardan biri - 2013-yilda “Erk” partiyasi o’z qurultoyini
o’tkazishga harakat qilib ko’rdi. Necha yillardan buyon bu partiya
quvg’inda, repressiyalar tufayli yig’ilib bir qurultoy o’tkazish
imkoniyati berilmagan edi. Afsuski, bu yil ham shunday bo’ldi.
2014-yilda esa rejim yanada qattiqlashadi deb o’ylayman, chunki uning
ahvoli hozir og'ir. Taxtda qolish uchun repressiyalar yana kuchayadi”, -
deydi Dilorom Ishoqova.
Muxolifatchilardan, prezidentlik uchun kurashga hozirlanayotgan Abdulla
Tojiboy o’g’lining so'zlariga ko’ra, joriy yil Karimovlar oilasidagi
inqiroz bilan yakunlanayotgani 2014-yilda siyosiy kurash qizg’in
kechishidan darak beradi.
“Prezident oilasida kechayotgan hodisalar asosiy voqelik. Gulnora
Karimovaning otasi, onasi, singlisi, shuningdek, Milliy xavfsizlik
xizmati faoliyatini fosh qilayotgani yilning asosiy voqeasi bo’ldi.
Albatta, 2013-yildan muxolifatning kuchayishini, huquq himoyachilari
faoliyati yaxshilanishini kutgan edik, ammo bu narsalar bo’lmadi. Lekin
2014-yil siyosatga boy yil bo’ladi, parlament saylovlari kutilayapti.
Kurash kuchli bo’lishi kerak. Men muxolifatchi sifatida bu kurashlarda
qatnashaman”, - deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.
Bu ziddiyatlardan tashqari joriy yil oddiy aholi hayotida, uning turmushida nima bilan iz qoldigan?
Poytaxtliklardan biri deydiki, 2013-yilda oddiy odamlarni bezovta qilgan
voqea aholiga qarashli uylarning buzilishi, buzilgan uylar uchun
beriladigan tovon pullari bo’lgan.
“Asosan, odamlarni bozor va uylarning buzilishi bezovta qildi. Uyi
buzilgan odamlarga uy ham berishayapti, lekin uylarning narxi juda
qimmat. Asosan, mahallalar buzilayapti, uyi buzilgan odamlarga kredit
beramiz deyishayapti. Qayerga qarasang, uy buzilarmish degan gap”, -
deydi u.
Shuningdek, O’zbekiston tashqi siyosatida biror keskin burilishlar
kuzatilgani yo’q. Hozirgacha Moskvadan bir qadar masofalanib kelgan
rasmiy Toshkent yil oxiriga borib sobiq ittifoq davlatlari doirasidagi
erkin savdo hududiga qo’shilishga qaror qildi.
O’zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan ham, AQSh bilan ham muzokaralarni
o’tkazdi. Yil yakunlanar ekan, AQShning O’zbekistondagi elchisi Jorj
Krol Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashuv o’tkazdi. Elchining
aytishicha, Amerika kelasi yildan Afg’onistonda harbiy ishtirokini
qisqartirgandan keyin ham mintaqani tark etmaydi, O’zbekiston bilan
aloqalar esa rivojlanish tomon boradi.
O’zbekiston xalqini yangi yil bilan tabriklagan elchi nazarida joriy yil
Vashgton va Toshkent o’rtasidagi munosabatlar muhokamasi, hamkorlikning
yangi qirralarini belgilash uchun muhim yil bo’lgan.
Manba: www.amerikaovozi.com