вторник, 1 октября 2013 г.

Paxta - o'zbek xalqining faxri va azobi


O’zbekistonda paxta yig’im-terimi davom etar ekan, Toshkent Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) kuzatuvchilariga vaziyat bilan tanishishga ruxsat bergan. Yevropa Ittifoqi nazarida bu ijobiy o’zgarish.

Lekin, deydi blok siyosatchilari, majburiy mehnat O’zbekistonda hamon og’ir masala.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili Patrisiya Flor O’zbekiston bilan uzoq davom etgan muzokaralarda ijobiy siljish kuzatilganini ta’kidlagan. U, shuningdek, O’zbekiston hukumati va Xalqaro Mehnat Tashkiloti o’rtasidagi kuzatuv shartlariga ham to’xtalgan.

Bu shartlarga ko’ra, XMT mutaxassislari ogohlantirishsiz, istalgan paytda va joyga hech bir to’siqsiz chiqishadi, suhbatda qatnashgan kishilarga biror tazyiq o’tkazilmaydi.

O’zbekistonda  majburiy mehnatni taqiqlash bo’yicha amalga oshirilgan ishlarni oqishlagan Patrisiya Flor bu taqiq 18 yoshgacha emas, balki faqat 16 yoshgacha bo’lgan bolalarni qamrab olayotganidan tashvish bildirgan. Muammoga butunlay barham berish uchun mamlakat qishloq xo’jaligida islohotlar o’tkazishga chaqirgan.

XMTning bir guruh mutaxassislari ayni paytda O’zbekistonda, paxta dalalaridagi vaziyatni kuzatishayotgani xabar qilinadi. Ammo mahalliy faollar monitoring qanday ketayotganidan bexabar. Kuzatuv hokimiyat vakillari ishtirokida kechayotgani aytiladi.

O’zbekiston inson huququlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovga ko’ra, bu yilgi paxta kampaniyasi nafaqat viloyatlar, balki poytaxtdagi aholining ham barcha qatlamlarini qamrab olgan.

“Avvalgi yillari faqat Toshkent shahriga tegishmasdi. Bu yil bo’lsa hamma,  Toshkentda hokimiyatdagilarni hammasi paxtaga jalb qilingan. Ular tashkilot, firma, do’kon, bozorlardan ham paxtaga odam yig’ishyapti. Qattiq talablar qo’yilayapti, norozi bo’lsa, qo’rqitishayapti, soliqchilarni ishga solishayapti. Bunaqasi avvalgi yillari kuzatilmagan edi”, - deydi Ikromov.

Huquq faoli Xalqaro Mehnat Tashkiloti mutaxassislariga nafaqat paxta dalalarini, balki viloyatlarda bo’shab qolgan kollej va litseylarni ham borib ko’rishni tavsiya qiladi.

“Nazarimda, XMT vakillari hali kuzatuvni boshlashmadi. O’zi boshida biz bilan, huquq himoyachilari bilan uchrashishgani ma’qul edi. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. Hukumat biz voyaga yetmagan yoshlarni terimga jalb qilmadik deydi, va ehtimol Toshkentdagi litsey-kollejlarni ham ko’rsatishga olib kelar”, - deydi Ikromov.

Men ularga poytaxtdan uzoqroqqa chiqishni, tumanlardagi kollej-litseylarni borib ko’rishni maslahat berardim, deydi u.

“Shunda ular aniq ko’rishadi bu o’quv yurtlari bo’shab yotgani, bolalarning hammasi paxta terimiga chiqarilganini. Ammo ular bilan hokimiyat vakillari yuradigan bo’lsa, qayerga olib borishadi, nimalarni ko’rsatishadi, bilmayman. Ehtimol, o’z ixtiyorimiz bilan terimga chiqdik, davlatimizga foyda keltirish uchun deb o’rgatilgan gaplarni ham eshittirishar”.

Ma’lumotlarga ko’ra, ob-havoning yog’ingarchiliklarga boy kelishi kutilayotgani bois bu yilgi terim kampaniyasi shiddatli va katta bosim ostida o’tmoqda. Terimchilarning aksariyati palatkalarga joylashtirilgan, oddiy zaruriy kundalik  ehtiyojlar inobatga olinmagan.

Bu yilgi terim paytida hozirgacha bir necha kishi halok bo'ldi.

Qarshida kollej talabasi, 16 yoshli qiz tok urib paxta dalasida o’lgan. Qashqadaryoda bir talaba pichoq bilan sinfdoshlariga tashlanib, ulardan biri jon bergan, qolganlar qattiq jarohat olgan. Buxoro viloyatida olti yoshli bola nobud bo'lgan.

O'zbekistonda majburiy mehnat kampaniyasi avjida


O’zbekistonda paxta terimi mavsumi boshlandi. Korxona va tashkilotlardan jalb qilingan hasharchilardan tashqari shanba kuni poytaxtdagi bir nechta o`quv yurtlari ham ommaviy tarzda paxta terimiga jo`natilgan.

Rasmiy Toshkent uzoq yillardan buyon ilk bor Xalqaro Mehnat tashkiloti vakillarining yig’im-terim ishlarini mamlakat ichidan kuzatib borishiga ruxsat berdi. Ammo ular dalalarga faqat hukumat vakillari hamrohligidagina bora oladilar, xolos.

Shu oy Qashqadaryolik 16 yoshli talaba qiz paxta dalasida halok bo`lgani haqida xabarlar bor. Huquq faollari hukumatdan majburiy mehnat kompaniyasi to`xtatilishini talab qilmoqda.

Qashqadaryodagi Agro-sanoat kolleji talabasi bo`lgan 16 yoshli Muhliyo paxta terimidagi baxtsiz hodisa tufayli halok bo`lgan.  Voqeani surishtirgan faollarga ko`ra, 9-sentabr kuni terimni yakunlab yotoqxonaga qaytayotgan Mahliyo daladagi lotokda qo`llarini yuvush uchun  to`xtaydi. To`satdan sirpanib ketgan qiz latok yaqinidagi simyog`ochda ochiq turgan elektr simini bexosdan ushlab oladi va uni qattiq tok uradi.  Mahliyo tuman shifoxonasiga olib ketilayotgan payt yo`lda vafot etadi.

“Bu voqea paxtaga borilgan kuni bo`lgan. Kollejning xo`jalik mudiri uni shifoxonaga olib borgan. Qanday simdan ajratib olishgan bilmayman. Hammayoqda vahima tarqab ketgan. Odamlar qanday qilib paxtaga bolalarimizni yuboramiz, deyishayapti. Paxta tergach qo`l shira bo`lib qoladi. Bu qiz qo`lini oqib turgan suvda yuvmoqchi bo`lgan, yiqilib tushayotib esa o`sha ochiq turgan simdan ushlagan”, - deydi noxush hodisa haqida O`zbekiston inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryodagi faoli Gulshan Qoraeva.

O`zbekiston hukumati, odatda, paxta terimidagi majburiy mehnat haqida ham, bu kampaniya paytida yuz berayotgan baxtsiz hodisalar qurbonlari haqida ham hech qanday ma'lumot bermaydi.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanovga ko`ra, 16 yashar qizning halok bo'lgani aniq.

“Qarshi tumanidan Koson tumaniga paxtaga jalb qilingan Muhayyo ismli qiz baxtsiz hodisa tufayli vafot etgani haqidagi xabarlar haqiqatga yaqin, - deydi u. - Biz kollej ma'muriyatiga ham, Kasb-hunar ta`limi boshqarmasiga ham qo`ng`iroq qildik, ular bu hodisani rad etishgani yo`q. Faqat bu borada izoh berishni rad qilishmoqda”,  deydi  Abdurahmon Tashanov.

O`zbekistonda paxta terimi o`tgan haftadan boshlandi. Terimning dastlabki kunlarida yuz bergan bu baxtsiz hodisa faollarda majburiy mehnat tizimiga, paxta terimida hasharchi va talabalar uchun yaratilgan og'ir sharoitlarga nisbatan norozilikni yanada kuchaytirgan.

“Odamlarga pul berguncha o`zinglar borib tersanglar bo`lmaydimi, desangiz, qanaqa qilib teramiz, hamma palatklarda yotgan bo`lsa, deyishyapti. Paxtada qanaqa sharoit haqida gap bo`lishi mumkin? U yerdagilar qanaqa suv ichishga majbur ekanligini men juda yaxshi bilaman”, - deydi Gulshan  Qoraeva.

O`zbekistonda majburiy mehnat shakli, xususan, paxta terimiga jalb qilingan hasharchi, talaba va o`quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar o`ta o`g`ir ekani aytiladi. Ammo hukumat bu yil Xalqaro mehnat tashkilotiga mamlakatdagi mehnat sharoitini, paxta terimidagi vaziyatni kuzatish uchun ruxsat bergan.

“Xalqaro tashkilotlarning bosimi tufayli hukumat bolalar mehnatidan voz kechishga majbur bo`ldi. Endi majburiy mehnatga qarshi kampaniya ketmoqda. Shunday ekan, O`zbekiston hukumati borib-borib, qishloq xo`jaligini modernizatsiyalash va mexanizatsiylashga majbur bo`ladi”, - deydi huquq faoli Abdurahmon Tashanov.

Hozircha Xalqaro mehnat tashkiloti O`zbekistonda faoliyatini boshlagani aniq emas. Biroq, ma`lumotlarga ko`ra, tashkilot o`z kuzatuvini faqat hukumat vakillari ishtirokida o`tkazishga kelishilgan. O`zbekistondagi sharoitda esa bu erkin va xolis kuzatuvni amalga oshirishning imkoni yo'qligini anglatadi.

“Agar hasharchilardan birortasi kuzatuvchilarga biron gap aytib qo`ysa,  ishidan ajrab qolishini biladi. Shuning uchun ham hukumat odami o`rgatgan gaplarni aytib, sharoitlarni maqtab-maqtab jo`natishi mumkin.  Hukumat vakillari bir kun avval hamma narsani tayyorlab qo`yishadi, belgilangan joyga olib borishlari aniq. Xalqaro mehnat tashkiloti bu narsani yaxshi bilishi kerak”, - deydi Gulshan Qoraeva.

O`zbekistonda  paxta davlat buyurtmasiga ko`ra yetishtiriladi.  Paxta O`zbekistonning asosiy eksport tovarlaridan bo`lishiga qarmasdan, mamlakat qishloq xo`jaligi tizimi eng qashshoq sohalardan biri, terim mashinalari deyarli yo`q.  4 million tonnaga yaqin paxta hosili har yili, asosan, qo`lda teriladi.

Yaqingacha paxta terimidagi asosiy ish kuchi sifatida maktab o`quvchilari mehnatidan foydalanilardi. Ikki yildirki, O`zbekiston hukumati maktab o`quvchilarini paxta terimiga jalb qilish tajribasidan voz kechgan. Dastlab, olqishlangan bu qadam mamlakatda majburiy mehnatning boshqa bir ko`rinishi rivojlanishiga olib keldi.

Maktab o`quvchilarining paxta dalasidagi o`rni maktab o`qituvchilari, tibbiyot xodimlari, talabalar va boshqa korxonlardan majburan jalb qilingan ishchilar hisobiga to`ldirilmoqda. Hasharchilar paxta terishdan bosh tortgan taqdirda ishdan haydalish kabi turli jazo tahdidlari bilan yuzlashadi.

Xalqaro mehnat tashkiloti O’zbekiston paxta dalalariga ilk bor kuzatuvchilarini yuboradi

(Arxiv)
Amerika Ovozi
O’zbekistonda paxta terimi mavsumi boshlanar ekan, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari dalalarda majburiy mehnatga yo'l qo'yilmasin deya undamoqda. 

Bir guruh tashkilotlar 9-sentabr kuni chiqargan qo’shma bayonotda joriy mavsumda 3,35 million tonna paxta olinishi kutilayotgani aytiladi. Bu O’zbekiston dunyodagi paxta ishlab chiqaruvchi mamlakatlar orasida 6-o’rinni egallashini anglatadi. “Oq oltin” eksporti bo’yicha esa mamlakat 2-o’rinda.

Shunga qaramay O’zbekiston fuqarolari huquqlari davlat nazoratida bo’lgan sanoat tomonidan toptaladi, deyiladi qo’shma bayonotda.

Bu yil birinchi marta Xalqaro mehnat tashkiloti O’zbekiston paxta dalalariga o’z kuzatuvchilarini yuboradi.

Bu quvonarli hol, deya bildiradi AQShda asoslangan “Paxta Kampaniyasi” (Cotton Campaign). Lekin chet ellik mutaxassislarga bemalol ishlay olishi uchun sharoit yaratib berilishi lozim. Kuzatuvchilar yonida hukumat rasmiylari va davlat kasaba uyushmalari vakillari bosimi ostida o'z vazifasini bajara olmaydi. Terimchilar va paxtakorlar ahvol haqida kuzatuvchilarga ochiqchasiga gapira olishi kerak.

“Paxta Kampaniyasi” tarkibiga 32 tashkilot, shu jumladan "Human Rights Watch", Ochiq jamiyat jamg’armasi, "Ezgulik" jamiyati, O’zbek-Germaniya inson huquqlari forumi va boshqalar kirgan.

Xalqaro mehnat tashkiloti mustaqil ma’lumot olishda barcha yo’llardan foydalanishi kerak. Yig'ilgan informatsiya Xalqaro savdo ittifoqi konfederatsiyasi hamda Xalqaro ish beruvchilar tashkiloti bilan tasdiqlansin, deyiladi bayonotda.

2010-yildan buyon Xalqaro mehnat tashkilotining Mezonlarni qo’llashni kuzatib boradigan qo’mitasi O’zbekistonga maxsus kuzatuvchilar guruhini yuborishni tavsiya qilib keladi. Bunday guruh maqsadi mustaqil fuqarolar jamiyati vakillari tomonidan kuzatuvni amalga oshirish, majburiy mehnat hamda bolalar mehnati masalasini ko’tarish va omma uchun hisobot chiqarishdan iborat.

Har yili bir milliondan ziyod bolalar, talabalar, o’qituvchi va shifokor kabi davlat idoralari xodimlari hamda xususiy sektor vakillari paxta terimiga majburan jalb etiladi. Ularning yashash sharoitlari hech qanday talablarga javob bermaydi. Paxta terimida qatnashishdan bosh tortganlarga nisbatan turli jazolar qo’llaniladi. Ular o’qish yoki ishdan haydalishi mumkin, ko’pgina hollarda maoshini va boshqa ijtimoiy to’lovlarni ololmaydi. Paxta dalalaridagi vaziyatni kuzatishga uringan mustaqil faollar esa hibsga olinadi. Hokimlarning fermerlarni kaltaklagan hollari ham ma’lum. Lekin rasmiylar bu tanqid va ayblovlarni inkor etib keladi.

Inson huquqlari tashkilotlari bunday amaliyotlarga chek qo’yishni talab qilmoqda.

Majburiy mehnat O'zbekiston paxta dalalarida hamon normal hol, deyiladi yangi tahlilnomada

Jizzax viloyati, Komil tumani, 25-sentabr, 2012 (Manba: Uzbek-German Forum for Human Rights)
Inson huquqlari bo’yicha “Human Rights Watch” tashkiloti, Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro muassasa, O’zbekistonda 2012-yil paxta terimi qanday kechgani haqida hisobot chiqardi. Unga ko’ra, bu safar bolalar mehnatidan ozroq foydalanilgan, ammo kollej va universitet talabalari hamda katta yoshdagilarni majburan dalaga olib chiqish hollari avj olgan.
 
 Hukumatning bolalarni ekspluatatsiya qilmaslikka qaror qilgani xalqaro bosim samarasidir, deyiladi tahlilnomada. Paxta eksporti bo’yicha dunyoda beshinchi o’rinda turadigan mamlakat o’tgan yili bir milliondan oshiq fuqarosini zo’rlab ishlatgan. Ularga haq to’langan bo’lishi mumkin, ammo o’qituvchilar, shifokorlar, hamshiralar va boshqa soha egalari xohlagani uchun emas, tahdid ostida majbur bo’lgani uchun “hashar”ga chiqqan.

O’zbekiston hukumati “hashar” majburiy mehnat emas, ko’ngilli yordam deb qanchalik bong urmasin, haqiqatni yoritishga uringan jurnalistlar va faollarni tazyiqqa olmasin, chet el axborot vositalari uchun darvozani qattiq yopmasin, deydi huquq himoyachilari, xalq va tashqi dunyo asl holatni biladi.

“Gapning po’skallasi, bu - majburiy mehnat”,- deydi Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow), “Human Rights Watch” tashkilotining Markaziy Osiyo bo’yicha bosh eksperti.

“O’smirlar va kattalarni majburlab ishlatish ham majburiy mehnat. Yosh bolalar terimga olib chiqilmagani bilan yuqoridagi muammo yo’qolib qolayotgani yo’q. O’zbekiston hukumati bir million fuqarosini zo’rlab ishlatayapti har yili”,- deydi huquqbon.

Respublikada bolalar majburiy mehnatini man etuvchi qonun qabul qilingan va 2012-yil paxta terimi oldidan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev maktab o’quvchilar jalb etilmasin deya buyruq bergan.

Lekin O’zbekistondek qo’l mehnatiga tayangan jamiyatda bu azaliy odatdan qutulish oson emas, deydi Rassell Zanka, amerikalik mutaxassis, Namangan viloyatida ikki yil yashab, paxtachilik haqida kitob yozgan professor. 

Masala murakkab, O’zbekiston jamoatchiligi uchun bolalar paxta terishi dahshatli fojia emas, deydi u, o’z kuzatuviga tayanib.

Bu shu qadar azaliy odatki, ko’pchilik farqini tushunmaydi, deydi olim. Haqqini to’lasa, terimga chiqadiganlar ko’p. Odamlar tahdid ostida emas, xohishi bilan paxtaga chiqishi uchun sharoit o’zgarishi kerak, deydi Rassell Zanka.

“Taraqqiy etaman degan jamiyat taraqqiyotdan qo’rqmasligi kerak. Qo’l mehnatidan texnologiyaga o’tish uchun nima qilmoq lozim? Mana shu haqda jiddiy o’ylanish zarur. Hukumat bu sohaga ko’proq sarmoya kiritishi, har bir so’m ko’zlangan maqsad uchun sarflanishini ta’minlashi zarur. Bu esa vijdonan ish ko’rishni talab qiladi.  Dehqon, paxtakor hayoti yaxshi bo’lsin desa, bolalar va kattalarni majburlab dalaga olib chiqmaysiz. Tan olish kerak, buni”.

G’arbda O’zbekiston paxtasini rad etish kampaniyasi boshlanganiga ancha bo’ldi. Qator yirik kompaniyalar va supermarketlar o’zbek paxtasi ishlatilgan mahsulotlarni xarid qilmaslik va sotmaslikka qaror qilgan.

Bu kampaniya boshida turganlar esa xalqaro huquq tashkilotlari, jumladan “Human Rights Watch” tashkiloti.

O’zbekiston bilan hamkor AQSh va Yevropa Ittifoqi, deyiladi hisobotda, paxta muammosini ochiq tan olishi, vaziyatni qoralashi va fuqarolar manfaatini ko’zlab ish yuritishi kerak.

Sharoit bilan tanishish uchun O’zbekiston BMT qoshidagi Xalqaro Mehnat Tashkilotini mamlakatga kiritib, ahvolni ko’zdan kechirish uchun sharoit yaratib berishi lozim.

2012-yilning oktabrida olingan surat (Manba: O'zbekiston Inson Huquqlari Alyansi)2012-yilning oktabrida olingan surat (Manba: O'zbekiston Inson Huquqlari Alyansi)
Shuningdek, boshqa tashkilotlar ham vaziyat bilan erkin tanisha olsin, O’zbekiston haqiqatni yashirmayotgan bo’lsa, darvozani ochsin, deyiladi “Human Rights Watch” tahlilnomasida.

2012-yil paxta terimi davrida majburiy mehnatdan noligan bir necha fuqaro qamoqqa olingan, xususan Jizzax viloyatida O’ktam Pardayev. Bu shaxs hech bir aybsiz 15 kun panjara ortida o’tirgan, deydi huquqbonlar.

O’zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zosi. Xalqaro majburiyat va burchlarni o’z bo’yniga olgan. Xalqaro hamjamiyat ular qanday bajarilayotganini tekshirishga haqli. O’zbekiston hurmat va izzatga sazovor davlat bo’lishni istasa, o’z fuqarolarini ezmayotganini isbotlab bersin, deyiladi tahlilnomada.

Sentabrdan noyabrgacha bo’lgan davrda viloyatlar bo’ylab hayot yanada og’irlashadi. 100 dan ortiq xalqaro bizneslar O’zbekistonda majburiy mehnat evaziga terilgan paxtadan ishlangan tovarlarga yo’q demoqda. Paxtakorlar turmushi qanchalik qiyin ekani ham oydek ravshan. Shunday ekan, bu masala O’zbekistonning ichki muammosi deyish vijdondan emas, deya yoziladi “Human Rights Watch” tarqatgan bayonotda. Unda viloyatma-viloyat kuzatilgan turli fojialar, tazyiq va bosimlar qayd etiladi.

Paxta dalalarida bolalar o'limiga oid yangi hisobot chiqdi

Paxta terish mavsumi, 2011-yil, Qashqadaryo
So'nggi besh yilda O’zbekistonda kamida yetti nafar bola paxta terish mavsumida fojeali halok bo'lgan. Majburiy mehnat kampaniyasi davrida ko’plab bolalar salomatligiga jiddiy ziyon yetgan, nogiron bo’lib qolganlar ham bor.

Markaziy Osiyoda inson huququlari tashkiloti O'zbekistondagi mavjud majburiy mehnat tizimining bolalar hayotida qanday asorat qoldirgani haqida hisobot tayyorlagan.


Paxta dalalaridagi majburiy mehnat qurboni bo'lgan bolalar fojeasi bir-biriga o'xshash. Aksariyat holatlarda jismonan va ruhan toliqqan bolalar paxta dalasida uxlab qolishgan. Dalada uxlab qolgan yosh bolalarni traktor bosib o’tib ketgan vaziyatlar ham bo’lgan.

Shuningdek, paxta dalasidan qaytayotib yo'lda avtohalokat qurboni bo’lgan bolalar ham bor. Paxta terimi bilan bog’liq turli vaziyatlarda salomatligiga putur yetgan, hatto mayib-majruh bo’lgan bolalar ham bo’p.

Fransiyada ro'yxatdan o'tgan Markaziy Osiyo inson huquqlari tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, paxta kampaniyasida davrida yuz bergan fojealar yuzasidan ayrim surishtiruvlar o’tkazilgan, biroq aybdorlar deyarli jazosiz qolgan.

“Shu paytgacha majburiy bolalar mehnati haqida gapirib kelindi, lekin paxta kampaniyasining asoratlari, bolalar o'limi, nogiron bo’lishi, salomatligini yo'qotishi e'tibordan chetda qoldi. Bu jarayonni o'rganib kattalarning  bolalar taqdiriga befarqligidan tushkunlikka tushasan. Bu o'zbek jamoatchiligiga xos bo'lmagan holat”, - deydi Markaziy Osiyo Inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva.

Tashkilot rahbarining aytishicha, yig'ilgan hujjatlar so'nggi besh yilda paxta mavsumida kuzatilgan fojealarning kichik bir qismidir. O'zbekiston sharoitida imkoniyatlar cheklangan, tekshiruv o'tkazuvchi mustaqil kuzatuvchilar doimiy tahdid ostida. Bolalarning ota-onalari qo'rqitilgan. Ulardan bo’lib o’tgan ishlarni hech kimga aytmaslik haqida tilxat yozdirib olingan.

“O'lgan bolalarning qarindoshlaridan tilxat yozdirib olingan, bunga davlat siri sifatida qaralmoqda. Biz o'zimizga ma'lum 30 dan oshiq holatning 7 tasini ochiqlashga qaror qildik, chunki ular yuzasidan aniq dalillar bor. Bosimlar kuchli, bolasini yo'qotgan onalar sukut saqlashga mahkum qilingan. Bola paxta terimi paytida o'layapti, hukumat javobgarlarni jazolash bilan emas, mazlumlarga tahdid qilish bilan ovora”, - deydi Atayeva.

Tahdidlar borligi bois, qurbonlar ro'yxatini ochiq e’lon qilish masalasini uzoq o’yladik, deydi u. Huquq faoli bolalarning qarindosh-urug'lari bosim va tazyiq ostida qolishi mumkinligidan xavotir olganini aytadi.

“Biroq buni jamoatchilikdan yashirish muammoni yanada og'irlashtiradi, - deydi u. - Biz faktlarni, ism shariflarni ochiqlab, aybdorlar jazolanishini talab etmas ekanmiz, paxta dalasida bolalarning fojeali o'lim topishi davom etaveradi”.

Markaziy Osiyo inson huquqlari tashkiloti paxta dalalarida sodir bo’layotgan bolalar o'limi va nogironligi holatlariga xalqaro jamoatchilik, xususan, BMT diqqatini tortishga urinmoqda.

“BMT maxsus ma‘ruzachisiga xabar tayyorlayapmiz, BMT O'zbekiston hukumatiga so'rovnoma yo'llab, surishtiruv ochilishini tezlashtiradi degan umiddamiz”, - deydi tashkilot rahbari.

O'zbekiston qishloq xo'jaligining asosiy ekini bo'lgan  paxtani terib olishda har yili maktab o'quvchilari ommaviy safarbar etiladi. O'tgan yilgi mavsumda bu amaliyotning biroz cheklangani, maktab o'quvchilari o'rniga, kollej va litsey talabalari, oliy o’quv yurtlari va davlat korxonlari xodimlari jalb qilingani kuzatildi. Bu xalqaro jamoatchilik ko’rsatib kelayotgan bosim natijasi ekani aytilmoqd

AQSh: O'zbekistonda majburiy mehnatga ko'z yuma olmaymiz

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

"Xalqaro kuzatuvchilar paxtakor va terimchilar bilan bemalol gaplasha olsin"

Vatandagi manzara: Paxta terimi boshlandi, terimchi kimligini aytmaysizmi? 
Amerika Ovozi
“Paxta kampaniyasi” (Cotton Campaign) nomli biznes, mehnat va inson huquqlari tashkilotlari uyushmasi O’zbekiston dalalarida majburiy mehnatdan foydalanilayotgani xususida Xalqaro Mehnat Tashkilotiga (XMT) ochiq xat yo’lladi.

XMT hozirda O’zbekiston paxtazorlaridagi vaziyatni kuzatayotgani ijobiy qadam, deya baholaydi uyushma.

Biroq Karimov ma'muriyati xorijiy mutaxassislar ishini qiyinlashtirayotgani ham sir emas, deyd faollar. Paxtakor va terimchilarning kuzatuvchilar bilan aloqasi cheklangan va odamlarga nima deyish oldindan o'rgatilgan.

Paxta terimiga bolalar va kattalarni majburlash davlat siyosatining uzviy qismi bo'lib, har yili bir milliondan ziyod o'quvchi, talaba va turli soha egalari paxta dalalariga haydaladi, deya qayd etadi tashkilot. Jamoatchilik miyasiga bu hashar, vatanparvarlik yo'lida qilinayotgan ish deya quyiladi.

Xalqaro kuzatuvchilar yonida O’zbekiston hukumati rasmiylari va davlat kasaba uyushmalari vakillari yurishi adolatdan emas, deydi "Paxta kampaniyasi" a'zolari. Bunday vaziyatda terimchilar va paxtakorlar o’z muammolari haqida kuzatuvchilarga ochiqchasiga gapira olmasligi aniq.

O’qituvchi, shifokor va davlat idoralarida ishlaydigan boshqa mutaxassislar paxtada;  ayrim viloyatlarda yuqori sinf o'quvchilari, kollej va universitet talabalari ham terimda.

Xususiy sektorga ham talablar qo'yilgan: xodimlar paxtaga chiqadi yoki "hasharchilarni" zarur narsalar bilan ta'minlash uchun moliya ajratiladi.

16-sentabr kuni faqat Toshkent shahrining o’zidan 200 ming odam terimga jalb etilgan, deyiladi ochiq xatda.

“Paxta kampaniyasi” qator tashkilotlar, shu jumladan “Human Rights Watch”, Ochiq jamiyat jamg’armasi, "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati, O’zbek-Germaniya inson huquqlari forumini o'z ichiga olgan harakat.

“Paxta kampaniyasi” XMTni O'zbekiston ahli bilan oshkora muloqot qilib, yig'ilgan ma'lumotni keng omma bilan baham ko'rishga chaqirmoqda, toki kuzatuv natijasida majburiy mehnat sabablari va oqibatlari oydinlashsin va muammoni bartaraf etish uchun hukumat konkret qadamlar tashlasin.

O'zbekiston hukumati pozitsiyasi shuki, odamlar terimga majburlanayotgani yo'q.

Rasmiylar bolalar mehnati man etilgan deya bu borada qabul qilingan qonunlarni eslatadi.

Milliy boylikni vaqtida terib olish mamlakat iqtisodiyoti uchun o'ta muhim va xalq hasharga majburan emas, ko'ngilli ravishda chiqmoqda, degan iddaolar yangraydi.

Mahalliy axborot vositalari terimni yoritar ekan, paxtazorlardagi sharoitni maqtaydi. Oq oltin хirmoni - xalq faxri, deya tasvirlaydi O'zbekiston davlat televideniyesi.

Viloyatlardagi ahvoldan yaxshi xabardor inson huquqlari faollari esa so'nggi kunlarda yuz bergan noxush voqealar faqat chet eldagi manbalarda o'z aksini topdi, deydi.

Qarshida kollej o'quvchisi paxtazorda tok urib o'lgan. Qashqadaryoda bir talaba pichoq bilan sinfdoshlariga tashlanib, ulardan biri jon bergan. Buxoro viloyatida esa olti yoshli bola nobud bo'lgan.

Ko'plab mahalliy mutaxassislar nazarida paxta sohasini tubdan isloh qilish kerak. Kvota tizimidan voz kechib, paxtakorga erkinlik berish lozim.